Klinik-biokimyo, molekulyar-genetik tadqiqotlar va bakteriologik laboratoriyalari
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi laboratoriyasi — yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash, davolash jarayonini nazorat qilish va asoratlar xavfini baholashda muhim diagnostik bo‘g‘in hisoblanadi. Laboratoriyada klinik-biokimyoviy tahlillar, gormon tahlillari, koagulologik tekshiruvlar, molekulyar-genetik tadqiqotlar hamda bakteriologik tahlillar bo‘yicha hizmatlar amalga oshiriladi. Tekshiruvlar zamonaviy, yuqori texnologik uskunalarda avtomatlashtirilgan jarayonlar asosida o‘tkaziladi va natijalar sifat nazorati talablariga muvofiq tasdiqlanadi.
Klinik-biokimyo laboratoriyasi
Molekulyar-genetik tadqiqotlar laboratoriyasi
Bakteriologik laboratoriyasi
Biz har bir tahlilning aniqligi va ishonchliligini ta’minlashni o‘z oldimizga asosiy vazifa qilib qo‘yganmiz.Dilafruz Nosirova — Laboratoriya mudiri
Klinik-biokimyo tekshiruvlar
Kliniko-biokimyoviy tahlillar organizmdagi metabolizm, jigar va buyrak funksiyasi, yallig‘lanish, elektrolit muvozanati hamda yurak shikastlanishining laborator belgilarini baholashga xizmat qiladi.
- lipid profili (xolesterin, triglitserid, yuqori zichlikdagi lipoproteinlar, past zichlikdagi lipoproteinlar va aterogenlik koeffitsienti);
- glyukoza almashinuvi va diabet nazorati (glyukoza, glikozillangan gemoglobin);
- jigar ko‘rsatkichlari (ALT, AST, bilirubin, gamma-glutamiltransferaza va boshqalar);
- buyrak markerlari (kreatinin, mochevina);
- elektrolitlar (natriy, kaliy, xlor, kalsiy, magniy) va kislota-ishqor muvozanati bo‘yicha ko‘rsatkichlar;
- yallig‘lanish markerlari (yuqori sezuvchi C-reaktiv oqsil);
- kardiomarkerlar (yuqori sezuvchan troponin).
Gormon (immunokimyoviy) tekshiruvlar
Gormonal tahlillar yurak-qon tomir tizimi bilan bog‘liq endokrin buzilishlarni aniqlash va nazorat qilishda keng qo‘llaniladi.
- qalqonsimon bez gormonlari (TSH, T4 va ularning fraksiyalari);
- insulin va insulin rezistentligi bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar;
- reproduktiv gormonlar (prolaktin, testosteron va boshqalar);
- vitaminlar va metabolik markerlar (vitamin D, vitamin B12, gomotsistein va boshqalar).
Molekulyar-genetik tekshiruvlar
Molekulyar-genetik yo‘nalish yurak-qon tomir kasalliklariga moyillik, ayrim irsiy sindromlar, tromboz xavfi va dori ta’siriga (varfarin, klopidogrel) individual javobni baholash kabi masalalarda bemorlarga tavsiya etiladi. Tekshiruvlar bosqichma-bosqich nazorat tamoyillari asosida amalga oshiriladi.
Bakteriologik tekshiruvlar
Bakteriologik tekshiruvlar infeksiya manbasini aniqlash, patogen mikroorganizmlarni identifikatsiya qilish va antibiotiklarga sezgirlikni baholash orqali davolashni oqilona tanlashda muhim ahamiyatga ega.
Bemorlar uchun qisqa tavsiyalar
Tekshiruvga to‘g‘ri tayyorgarlik ko‘rish tahlil natijalarining aniqligi va ishonchliligini ta’minlaydigan muhim omillardan biridir.
- Qon biokimyosi va lipidlar uchun odatda 8–12 soat och qoringa kelish tavsiya etiladi.
- Imkon qadar tahlildan oldingi kuni yog‘li ovqat, alkogol va tamaki maxsulotlaridan saqlaning.
- Qabul qilinayotgan dorilar haqida shifokor/tibbiy xodimga oldindan ma’lumot bering.
- Gormonlar uchun vaqt va tayyorgarlik shifokor tavsiyasiga ko‘ra amalga oshiriladi.
- Bakteriologik tekshiruvlarda namuna olishdan oldin gigiyena va steril idishlardan foydalanish zarur.
- Namunani olib kelish vaqti va saqlash sharoitlari bo‘yicha xodimlar ko‘rsatmalariga rioya qiling.
Ko‘p beriladigan savollar
Bemorlar va tashrif buyuruvchilar tomonidan eng ko‘p so‘raladigan savollarga javoblar.
Qon olish og‘riqlimi va xavfsizmi? Bir martalik igna ishlatiladimi?
Qon olish odatda qisqa va minimal noqulaylik bilan o‘tadi. Xavfsizlik uchun bir martalik steril sarf materiallari qo‘llanadi.
Qancha qon olinadi? Bu holatimga ta’sir qilmaydimi?
Odatda oz miqdor (bir necha millilitr) olinadi va sog‘liq holatiga salbiy ta’sir qilmaydi. Zarur tahlillar soniga qarab hajm farq qilishi mumkin.
Qaysi tahlillarni topshirishim kerak va nima uchun?
Tahlillar shifokor ko‘rsatmasi va klinik holatga qarab belgilanadi. Maqsad — tashxisni aniqlashtirish, xavf omillarini baholash va davolashni nazorat qilish.
Tahlillar shifokor ko‘rsatmasi va klinik holatga qarab belgilanadi. Maqsad — tashxisni aniqlashtirish, xavf omillarini baholash va davolashni nazorat qilish.
Muddat tahlil turiga bog‘liq: ayrim tekshiruvlar shu kunning o‘zida, boshqalari esa 1–3 ish kunida tayyor bo‘lishi mumkin. Aniq muddatni ro‘yxatdan o‘tkazish paytida bilib olishingiz mumkin.
Dori qabul qilayotgan bo‘lsam, tahlil topshirish mumkinmi?
Ha, mumkin. Biroq qaysi dori vositasini qachon va qanday miqdorda qabul qilganingizni albatta shifokorga ma’lum qiling.
Genetik tekshiruvlar kimga tavsiya etiladi?
Genetik testlar odatda shifokor ko‘rsatmasi bilan, klinik holat va oilaviy anamnez hisobga olingan holda tayinlanadi.
Laboratoriya xizmati Markaz shifokorlari bilan uzviy hamkorlikda ishlaydi. Maqsadimiz — har bir bemor uchun ishonchli laborator diagnostika va samarali tibbiy hizmat ko`rsatishni taminlashdir.

